Добавил:
Опубликованный материал нарушает ваши авторские права? Сообщите нам.
Вуз: Предмет: Файл:
Магистрская дисс 2.docx
Скачиваний:
0
Добавлен:
08.11.2026
Размер:
1 Мб
Скачать
☆

Kichik biznes sub’ektlari faoliyatini rivojlantirish

Shape1

KIRISH

Kichik biznesning iqtisodiyotdagi o‘rni uning ishlab chiqarishdagi hissasi bilangina emas, balki bandlikni kengaytirish, yangi tashabbuslarni yuzaga chiqarish va mahalliy bozorni rivojlantirish imkoniyati bilan ham belgilanadi. Bunday subyektlarning barqaror ishlashi ichki hamda tashqi moliya manbalariga yetarli darajada kira olishiga bog‘liq. Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) hisobotlariga ko’ra “Jahondagi 65 million kichik biznes subyektlarining 40 foizi har yili 5,2 trillion AQSh dollari miqdorida moliyalashtirilmagan ehtiyojga egaligi, global darajada kichik va o’rta biznesni kreditlash darajasidan 1,4 barobar ko’pdir. Global moliyaviy tafovutning eng katta ulushi, Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasida jami 46 foizni tashkil etsa, Lotin Amerikasi va Karib havzasi mintaqasida 23 foizni, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida nisbatan pastroq 15 foizni tashkil etadi”1. Keltirilgan ma’lumotlar kichik biznes uchun moliyalashtirishdagi tafovutlar xalqaro darajada ham jiddiy masala ekanini ko‘rsatadi. Shu sababli mablag‘ga kirishni cheklovchi omillarni aniqlash va ularni kamaytirishga xizmat qiladigan mexanizmlarni takomillashtirish zarur.

Xalqaro miqyosdagi ilmiy izlanishlar kichik biznesning moliyaga kirishini yengillashtirish, kapital manbalarini ko‘paytirish va moliyaviy xizmatlarni tadbirkorlarning ehtiyojlariga moslashtirish masalalariga qaratilgan. Bu boradagi tadqiqotlarda kredit olish shartlari va risklarni baholash bilan bir qatorda, kichik korxonalarning iqtisodiy o‘sishga qo‘shadigan hissasini kuchaytirish, moliyaviy resurslarni samarali boshqarish hamda yangi moliyalashtirish modellarini joriy etish yo‘llari ham o‘rganilmoqda.

O‘zbekiston sharoitida kichik biznesning moliyaviy barqarorligiga mablag‘ yetishmasligi, kredit olish uchun qo‘yiladigan talablar, bitim tuzish va xizmatlardan foydalanish xarajatlari hamda bozor tavakkalchiliklari ta’sir qiladi. Mazkur omillar korxonalarning raqobatga bardoshliligini va uzoq muddatli faoliyatini cheklashi mumkin. Shu bois moliyaviy-iqtisodiy imperativlarni nazariy jihatdan aniqlash bilan birga, ularni tadbirkorlik amaliyotiga mos ravishda shakllantirish ham muhimdir. Kichik biznes yangi ish o‘rinlari yaratish, bozor taklifini kengaytirish va innovatsion g‘oyalarni amalga oshirishga qodir bo‘lgani uchun, uning rivojlanish shartlarini yaxshilash iqtisodiy siyosatning alohida yo‘nalishi bo‘lib qoladi. Raqamli moliyaviy xizmatlar, kraudfanding va venchur investitsiyalar kabi usullarning paydo bo‘lishi esa moliyalashtirish tizimiga yangicha yondashuvlarni talab etadi.

Tadqiqotning maqsadi. Ishning bosh maqsadi kichik biznes subyektlari rivojlanishiga ta’sir qiluvchi moliyaviy-iqtisodiy imperativlarni aniqlash, ularni amaliyot nuqtayi nazaridan baholash va takomillashtirish bo‘yicha ilmiy hamda amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat.

.Tadqiqotning vazifalari:

Belgilangan maqsadga erishish uchun quyidagi o‘zaro bog‘liq vazifalar nazarda tutilgan:

- moliyaviy-iqtisodiy imperativlar tushunchasining nazariy mazmuni va metodologik asoslarini ochib berish;

- kichik biznes subyektlarining moliyaviy resurslar bilan ta’minlanganlik darajasi va mablag‘ manbalarining tarkibini o‘rganish;

- kichik tadbirkorlik uchun qo‘llanilayotgan zamonaviy va innovatsion moliyalashtirish vositalarini tahlil qilib, ulardan foydalanish imkoniyatlarini aniqlash;

- korxonalar moliyaviy barqarorligi hamda kredit resurslaridan foydalanishda uchraydigan muammolarni tizimli baholash;

- kichik biznesni rivojlantirishga xizmat qiladigan moliyaviy-iqtisodiy imperativlar modelini ishlab chiqish va uni amaliyotga tatbiq etish yo‘nalishlarini asoslash;

- moliyaviy barqarorlik shartlarini hisobga olgan holda kichik biznes ishlab chiqarishi bo‘yicha 2030-yilgacha bo‘lgan strategik prognoz ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish.

Tadqiqot obyekti sifatida O‘zbekiston Respublikasida faoliyat olib borayotgan kichik biznes subyektlari tanlangan.

Tadqiqot predmeti kichik biznes faoliyatini rivojlantirish jarayonida shakllanadigan va moliyaviy-iqtisodiy munosabatlarni ifodalovchi munosabatlar majmuasidan iborat.

Tadqiqotda tizimli yondashuv, statistik kuzatish, mantiqiy va tarkibiy tahlil, korrelyatsion-regression usullar, iqtisodiy-statistik taqqoslash, grafik tasvirlash, iqtisodiy-matematik modellashtirish hamda prognozlash usullari qo‘llanildi.

1-BOB

KICHIK BIZNESNI RIVOJLANTIRISH UCHUN MOLIYAVIY VA IQTISODIY IMPERATIVLARNING NAZARIY ASOSLARI

1.1.

Kichik biznes sub’ektlarida moliyalashtirish, moliyaviy-iqtisodiy импerativlarining nazariy asoslari

Moliyaviy munosabatlar bozor iqtisodiyoti sharoitida mahsulot ayirboshlash, pul muomalasi va iqtisodiy subyektlarning mablag‘ga bo‘lgan ehtiyojlari bilan birgalikda rivojlanadi. Moliya tushunchasi daromadlar va resurslarni shakllantirish, ularni taqsimlash va qayta taqsimlash hamda turli ehtiyojlarni qondirish uchun ishlatish jarayonida vujudga keladigan iqtisodiy aloqalarni anglatadi. Ushbu munosabatlar korxonalar o‘rtasidagi hisob-kitoblar va pul oqimlarining harakatida ham ko‘rinadi.

Moliyaviy resurslar davlat, hudud, korxona yoki boshqa xo‘jalik yurituvchi subyekt ixtiyorida bo‘lgan pul mablag‘lari va tegishli aktivlarni qamrab oladi. Ular daromadlar, jamg‘armalar, kreditlar va boshqa moliyaviy manbalar hisobidan shakllanib, kundalik xarajatlar, investitsiyalar va mavjud majburiyatlarni bajarish uchun yo‘naltiriladi. Shu jihatdan moliya davlat budjeti bilan cheklanmay, korporativ mablag‘lar, kredit munosabatlari, moliya bozorlari va xalqaro kapital oqimlarini ham o‘z ichiga oladi.

Moliyalashtirish iqtisodiy faoliyat uchun zarur kapitalni topish, shakllantirish va maqsadga muvofiq ishlatish bilan bog‘liq. Moliyaviy resurslar ishlab chiqarish vositalarini yangilash, sug‘urta va zaxira fondlarini to‘plash, jamoat ehtiyojlarini qoplash hamda davlat va xususiy iste’molni ta’minlash uchun taqsimlanadi. Shuning uchun moliyalashtirish mexanizmini korxona yoki davlatning mablag‘ jalb etishigina emas, balki bu mablag‘larning keyingi harakati va natijasini ham qamrab oluvchi jarayon sifatida tahlil qilish lozim.

P. Drukerning innovatsiyaga oid yondashuvi I. Shumpeter qarashlarini amaliy boshqaruv nuqtayi nazaridan kengaytiradi: yangilik iqtisodiy qiymatga aylanishi uchun uni tashkilot faoliyatiga tatbiq etish talab etiladi. Shu ma’noda texnologik innovatsiya uskunalarni almashtirish bilangina cheklanmaydi; u ishlab chiqarish jarayonlari, operatsion tartiblar va mavjud texnologik yechimlarni yangilashni ham qamrab oladi.

Kichik biznesni moliyalashtirish masalasi tadbirkorlikning kelib chiqishi, boshqaruv xususiyatlari va o‘sish bosqichlari bilan chambarchas bog‘langan. Iqtisodiy adabiyotlarda mualliflar tadbirkorning resurslardan foydalanish usuli, riskni qabul qilishi va korxona faoliyatini tashkil etish qobiliyatini turlicha izohlaydi. Shu qarashlarni qiyoslash moliyalashtirishga bo‘lgan ehtiyoj nega korxona turi va rivojlanish bosqichiga qarab farqlanishini tushunishga yordam beradi.

Vladimir Savchenko kichik biznesga davlat ko‘magini tashkil etish masalasini davlat mulkini boshqarish tamoyillari bilan bog‘liq holda ko‘rib chiqadi. Uning yondashuvi davlat resurslarini boshqarish mexanizmlarini tadbirkorlikni rag‘batlantirish vositalari bilan qiyosiy o‘rganish zarurligiga urg‘u beradi.

Sergey Raevskiy moliyalashtirish mexanizmlarini tahlil qilib, ularni yanada samarali tashkil etish masalalariga e’tibor qaratadi. U hududiy barqarorlikni moliyaviy munosabatlarning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi, shuningdek budjet darajalari o‘rtasidagi vertikal va gorizontal tafovutlarni yumshatish bilan bog‘laydi.

Elena Rogova tadqiqotlarida kichik korxonalarning moliyaga kirish imkoniyatlari, ular duch keladigan cheklovlar va keyingi rivojlanish istiqbollari yoritilgan. Muallif biznes klasterlari, korxonalararo hamkorlik va xususiy investitsiyalar o‘rtasidagi aloqalarni tahlil qiladi. Bu yondashuv moliyalashtirish vositalarining innovatsiyalarni joriy etish va texnologik yangilanishlarni rag‘batlantirishdagi ahamiyatini baholashga imkon beradi.

Svetlana Matvienko, Shamil Galimov va Armen Dalakyan kichik korxonalar o‘sishini cheklovchi omillar, davlat xaridlaridagi ishtirok hamda soliq yukini maqbullashtirish masalalarini o‘rgangan. Ularning ishlari kichik biznes uchun qulay muhit yaratish moliyaviy yordam bilan birga, bozorga kirish imkoniyatlarini kengaytirish va ma’muriy shartlarni takomillashtirishni ham talab qilishini ko‘rsatadi.

Lyudmila Dyachenko va hammualliflari kichik biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning tashkiliy-iqtisodiy tomonlarini MDH mamlakatlaridagi bozor islohotlari bilan bog‘liq holda tahlil qiladi. Monografiyada sektorning iqtisodiy vazifalari, uning o‘sishini cheklovchi shartlar, davlat yordamini tashkil etish va rivojlanish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan. Bu ishlar kichik biznesga moliyaviy ko‘makning natijasi institutsional muhitga ham bog‘liqligini anglatadi.

N. Siropolis tadbirkorni korxonani tashkil etuvchi, uni o‘z bilim va boshqaruv ko‘nikmalariga tayangan holda yurituvchi hamda faoliyat jarayonidagi xavflar uchun javobgarlikni zimmasiga oluvchi shaxs sifatida tavsiflaydi. Uning yondashuvida maqsadni belgilash, mas’uliyat, tavakkalchilikni qabul qilish, qat’iyat va o‘ziga ishonch tadbirkorlikka xos muhim jihatlardir2.

R. McConnell va L. Bruce iqtisodiy faoliyatni mehnat, kapital va yer resurslarini birlashtirib tovar hamda xizmatlar yaratish, shu bilan birga biznesni tashkil etish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilish jarayoni sifatida izohlaydi. Ularning qarashlarida yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va noaniqlik sharoitida samarali ish usullarini topish ham tijorat faoliyatining tarkibiy qismi sifatida ko‘riladi3.

M. Rasulov tadbirkorlik va biznes tushunchalarining mohiyati o‘zaro yaqin, ularni mazmunan bir-biridan keskin ajratish to‘g‘ri emas, degan qarashni ilgari suradi4.

A. O‘lmasov va A. Vahobovning yondashuvida biznes faoliyati bilan tadbirkorlik aynan bir tushuncha emas: biznes foyda olishga qaratilgan xo‘jalik faoliyatini ifodalashi mumkin, tadbirkorlik esa ijodkorlik, kapitalni safarbar qilish va mavjud resurslardan samarali foydalanish bilan ajralib turadi5.

Ko‘rib chiqilgan ilmiy manbalar kichik biznesni moliyalashtirishga doir yagona ta’rif shakllanmaganini ko‘rsatadi. Biroq turli yondashuvlarning umumiy jihati shundaki, korxonaning moliyaviy resurslarga kirish imkoniyati uning kengayishi, investitsiya qilish salohiyati va bozordagi o‘rniga ta’sir qiladi. Shu bilan birga, davlat siyosati va bozor mexanizmlari o‘zaro to‘ldiruvchi vositalar sifatida ishlatilganda, tadbirkorlik faolligini qo‘llab-quvvatlash imkoniyati ortadi.

Adabiyotlarda kichik biznes moliyasini budjet tizimi, makroiqtisodiy muhit va huquqiy tartibga solish bilan birgalikda tahlil qilish zarurati ham ko‘rinadi. Iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar, moliya bozorining rivojlanishi va qonunchilikning yangilanishi mablag‘ jalb etish tartiblarini qayta baholashni talab qiladi. Shu sababli moliyalashtirish mexanizmlarini faqat alohida instrument kesimida emas, balki ularning o‘zaro ta’siri doirasida o‘rganish maqsadga muvofiq.

Kichik biznesni moliyalashtirish moliyaviy mexanizmning ajralmas qismidir. Uni mablag‘ni bir hisobdan boshqasiga o‘tkazish bilan cheklab bo‘lmaydi, chunki jarayon resurslarni shakllantirish, jalb qilish, taqsimlash va ishlatish bo‘yicha qarorlarni ham o‘z ichiga oladi. Ushbu ikki tushuncha o‘rtasidagi bog‘liqlik korxonaning real ehtiyojlarini aniqlash va mos moliyaviy yechimni tanlashda namoyon bo‘ladi.

Boris Glushchenko va Viktor Chexunov moliyaviy mexanizmni moliyaviy munosabatlarni amalda tashkil etish usullari va shakllarining birligi sifatida tavsiflaydi. Mazkur qarashda rejalashtirish va prognozlash, nazorat, me’yorlar, limitlar, boshqaruv hamda iqtisodiy rag‘batlantirish o‘zaro bog‘langan tarkibiy qismlar hisoblanadi. Boshqa yondashuvlar esa tizim doirasiga resurslarni to‘plash, taqsimlash va ulardan foydalanish usullarini ham kiritadi.

Ilmiy qarashlarni qiyoslash moliyaviy mexanizmga ikki nuqtayi nazardan yondashish mumkinligini ko‘rsatadi. Bir tomondan, u pul oqimlarini tartibga solish va moliyaviy resurslarni oqilona ishlatishni ta’minlaydigan vositalar majmuasidir. Ikkinchi tomondan, mexanizm korxonaning moliyaviy natijalari hamda rivojlanish sur’atlariga ta’sir qiluvchi boshqaruv usullari va iqtisodiy dastaklarni qamrab oladi.

Kichik biznesning moliyaviy mexanizmi iqtisodiy maqsadlar, davlat moliyaviy siyosati va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ehtiyojlariga mos ravishda moliyaviy munosabatlarni yo‘lga qo‘yish vositalaridan tarkib topadi. Uning ishlashi huquqiy normalar, tashkiliy boshqaruv, moliyaviy rejalashtirish va iqtisodiy rag‘batlar bir-biriga mos bo‘lishiga bog‘liq. Bu mexanizmning asosiy vazifasi resurslardan foydalanish natijadorligini oshirish va tadbirkorlik faoliyatidagi moliyaviy cheklovlarni kamaytirishdir.

Moliyalashtirishning mazmuni bankdan kredit olishdan kengroq bo‘lib, texnologiyalarni xarid qilish, intellektual mulkdan foydalanish, nomoddiy aktivlarni baholash, sug‘urta, patentlash va boshqa jarayonlarni ham qamrab oladi. Shu bois kichik biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash resurslarni topish bilan birga, ulardan foydalanishning tashkiliy shartlari va iqtisodiy samaradorligini ham hisobga olishi kerak.

Hududlarda kichik biznesni moliyalashtirish mahalliy rivojlanish dasturlari, davlat xaridlarida qatnashish imkoniyati, moliyaviy yoki mulkiy yordam va tadbirkorlik infratuzilmasi orqali amalga oshiriladi. Ushbu vositalarning hudud ehtiyojlariga moslashtirilishi kichik korxonalarning kapitalga kirishini yengillashtirish va mahalliy iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qiladi.

Kichik biznesning kengayishi investitsiya resurslarini jalb qilish va ularni samarali boshqarish bilan chambarchas bog‘liq. Mablag‘ yetarli bo‘lsa, korxonalar ishlab chiqarish uskunalarini yangilashi, yangi mahsulotlarni o‘zlashtirishi va bozor talabidagi o‘zgarishlarga moslashishi osonlashadi. Shu bilan birga, inflyatsiya, davlat qarzi va budjet taqchilligining boshqariladigan darajada bo‘lishi moliyalashtirish qiymati hamda tadbirkorlarning investitsion qarorlariga ta’sir ko‘rsatadi.

Kichik korxonalarni moliyalashtirish deganda ularni tashkil etish, kundalik operatsiyalarni davom ettirish va ishlab chiqarish ko‘lamini oshirish uchun mablag‘ manbalarini shakllantirish hamda ulardan foydalanish nazarda tutiladi. Ichki manbalar foydaning korxonada qoldirilgan qismi, amortizatsiya ajratmalari va zaxiralardan iborat bo‘lishi mumkin. Tashqi manbalar esa bank krediti, investor mablag‘i, grant, subsidiya va boshqa institutsional ko‘mak turlarini qamrab oladi. Ularning turli manbalarga taqsimlanishi moliyaviy qaramlikni kamaytirib, to‘lov qobiliyatini boshqarishga yordam beradi.

Kichik biznesni moliyalashtirishga doir nazariy qarashlar bozorning o‘zini-o‘zi muvozanatlash qobiliyatiga urg‘u beruvchi klassik yondashuvlardan tortib, moliya bozoridagi nomukammalliklarni e’tirof etuvchi zamonaviy qarashlargacha farqlanadi. Amaliyotda axborot tengsizligi, qarz oluvchining riskini to‘liq baholash qiyinligi va likvid garovning yetishmasligi kichik korxonalar uchun kredit olishni qimmatlashtiradi. Shu sababli davlat kafolatlari, maslahat xizmatlari va maqsadli dasturlar ayrim sharoitlarda bozor kamchiliklarini yumshatishi mumkin.

Kichik biznes ehtiyojlari bir xil bo‘lmagani sababli moliyalashtirish vositalarini tanlash korxonaning bosqichi va loyihaning riskiga bog‘liq bo‘lishi lozim. Bank krediti, mikromoliya, lizing, faktoring, venchur kapitali, kraudfanding va davlat dasturlari turli vaziyatlarda qo‘llanadi. Ularni qiyoslashda faqat foiz yoki komissiya miqdorini emas, balki qaytarish muddati, garov talabi, mablag‘dan foydalanish cheklovlari va kelajakdagi o‘sishga ta’sirini ham hisobga olish zarur.

Moliyaviy boshqaruv mablag‘ni jalb qilganidan keyin ham davom etadi: korxona pul oqimlarini rejalashtirishi, daromad va xarajatlarni solishtirishi, kredit yukini kuzatishi va investitsiya qarorlarining samarasini baholashi kerak. Bunday tartib moliyaviy yetishmovchilikni erta payqash, to‘lov majburiyatlarini oldindan rejalashtirish va tashqi mablag‘lardan foydalanish haqida dalillangan qaror qabul qilish imkonini beradi.

Muqobil moliyalashtirish manbalari kichik biznesning faqat bank kreditiga tayanib qolishini kamaytirishi mumkin. Venchur kapitali o‘sish salohiyati yuqori loyihalarga uzoq muddatli sarmoya olib kiradi, kraudfanding ko‘plab kichik investorlar mablag‘ini birlashtiradi, mikromoliya kichik hajmdagi ehtiyojlarga moslashadi. Lizing asosiy vositalardan foydalanish uchun dastlabki katta xarajatni kamaytirsa, faktoring debitorlik tushumini tezlashtirishi mumkin. Shu vositalarning mavjudligi tadbirkorga o‘ziga mos moliyaviy tuzilmani tanlash imkonini beradi.

Ushbu tadqiqot doirasida moliyaviy-iqtisodiy imperativlar kichik biznes faoliyatida qaror qabul qilish va resurslardan foydalanishni belgilovchi muhim tamoyillar sifatida talqin etiladi. Ularning asosiy yo‘nalishlariga likvidlik va to‘lov qobiliyatini saqlash, moliyaviy mustaqillikni mustahkamlash, cheklangan resurslardan yuqori natija olish hamda investitsion qarorlarni iqtisodiy hisob-kitob bilan asoslash kiradi. Mazkur talablar korxonaning qisqa muddatli to‘lovlari bilan uzoq muddatli rivojlanish maqsadlarini muvofiqlashtirishga yordam beradi.

Bozor sharoitida kichik korxonalar daromad, talab, foiz stavkasi va ta’minot qiymatining o‘zgarishi bilan bog‘liq noaniqliklarga duch keladi. Shuning uchun xatarlarni oldindan aniqlash, ularning ehtimoliy moliyaviy oqibatlarini hisoblash va zararini cheklovchi choralarni rejalashtirish lozim. Daromad manbalarini kengaytirish hamda moliyaviy hisobotning shaffofligini ta’minlash kreditor va investorlar ishonchini oshiradi, bu esa qo‘shimcha kapital jalb qilish imkoniyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashda davlat dasturlari, xususiy investorlar va moliya institutlari takliflari bir-birini to‘ldirishi kerak. Moliyalashtirish manbalarining uyg‘unligi korxonalarga loyihalarini turli bosqichlarda moliyalashtirish, risklarni bir nechta tomon o‘rtasida taqsimlash va kerakli resursni o‘z vaqtida jalb qilish imkonini beradi. Shu jarayonda har bir instrument aniq ehtiyojga yo‘naltirilishi muhim.

Ishonchli ma’lumotlar moliyaviy boshqaruvning asosiy shartlaridan biridir. Pul tushumlari va xarajatlarini kuzatish, kelgusi davr uchun pul oqimlarini baholash va ehtimoliy xatarlarni aniqlash uchun korxonaning hisob ma’lumotlari aniq hamda o‘z vaqtida shakllanishi lozim. Raqamli hisob tizimlari va avtomatlashtirish vositalari moliyaviy operatsiyalarni nazorat qilishni yaxshilab, mablag‘lardan maqsadli foydalanish bo‘yicha boshqaruv qarorlarini asoslashga ko‘maklashadi.

Kichik biznes iqtisodiy tizimda mahsulot va xizmatlar taklifini kengaytirish, ish bilan bandlikni oshirish va uy xo‘jaliklari daromad manbalarini ko‘paytirishga yordam beradi. Uning o‘sishi o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlarini yaratishi, mahalliy bozor talabini qondirishi va iqtisodiy faollikni hududlar bo‘ylab yoyishi mumkin. Shu bois kichik tadbirkorlikni rivojlantirish choralari iqtisodiy siyosat bilan bir qatorda ijtimoiy taraqqiyot nuqtayi nazaridan ham ahamiyatlidir.

Kichik biznesning ushbu salohiyati moliyalashtirish shartlari korxonalar ehtiyojiga mos bo‘lgandagina to‘liq namoyon bo‘ladi. Investitsiyaga kirishdagi ortiqcha to‘siqlarni kamaytirish, tadbirkorlarning moliyaviy savodxonligini oshirish va ko‘mak natijasini ishlab chiqarish hamda bandlikka ta’siri bo‘yicha baholash lozim. Davlat yordami samaradorligini faqat ajratilgan pul miqdori bilan emas, balki u yaratgan iqtisodiy natijalar bilan o‘lchash maqsadga muvofiq.

Kichik biznes subyektlari tarkibiga yakka tartibda faoliyat yurituvchilar, mikrokorxonalar va kichik korxonalar kiradi. Ularni tasniflashda amaldagi me’yoriy mezonlar, jumladan faoliyat turi va xodimlar soni hisobga olinadi. Bir nechta yo‘nalishda ishlaydigan subyektning qaysi toifaga mansubligi odatda uning asosiy faoliyati yoki daromad keltiruvchi yo‘nalishi asosida belgilanadi.

Tadbirkorlik kichik biznes orqali bozor talabiga mos tovar va xizmatlar yaratish, resurslarni mustaqil boshqarish hamda xo‘jalik yuritish natijasi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olish shaklida namoyon bo‘ladi. Ushbu jarayonning barqarorligi moliyaviy resurslar mavjudligi, ulardan tejamli foydalanish va zarur mablag‘ni o‘z vaqtida jalb qilish qobiliyatiga bog‘liq. Shu ma’noda moliyaviy cheklovlar tadbirkorlik tashabbusining amalga oshishiga to‘sqinlik qiluvchi omil bo‘lishi mumkin.

Kichik korxonalar iqtisodiy o‘sish, daromadlar yaratish va bandlikni kengaytirishda ishtirok etadi. Moliya tizimi jamg‘armalarni investitsiyaga aylantirish hamda kapitalga ehtiyoji bor tadbirkorlar bilan mablag‘ egalari o‘rtasida vositachilik qilish orqali bu jarayonga xizmat qiladi. Kredit, investitsiya va boshqa vositalar to‘g‘ri ishlatilsa, yangi g‘oyalarni ishlab chiqarish loyihalariga aylantirish va texnologik yangilanishlarni amalga oshirish osonlashadi.

Iqtisodiy sharoit, bozor tuzilmasi va qonunchilikdagi o‘zgarishlar kichik biznesni moliyalashtirish usullarini davriy qayta ko‘rib chiqishni talab etadi. Tadbirkorlar sarmoya kiritishi uchun barqaror qoidalar, tushunarli soliq tartibi va qulay moliyaviy xizmatlar zarur. Shu bois davlat ko‘magini uzoq muddatli ishlab chiqarish, texnologik modernizatsiya va innovatsion faoliyat bilan bog‘laydigan mexanizmlar ustuvor bo‘lishi kerak.

Tadbirkorlik natijasi faqat biznes g‘oyasiga emas, balki uni amalga oshirish uchun tanlangan boshqaruv usuli, moliyaviy risklarni baholash va resurslarni maqsadli taqsimlashga ham bog‘liq. Ushbu omillar bir-birini qo‘llab-quvvatlaganida korxona talabdagi o‘zgarishlarga tez moslashadi, mahsulot va xizmatlar sifatini yaxshilaydi hamda raqobat muhitida o‘z o‘rnini mustahkamlaydi. Shuning uchun tadbirkorlikning moliyaviy ta’minoti boshqaruv salohiyati bilan uzviy bog‘liq.

Kichik biznesni rivojlantirish uchun ichki mablag‘larni to‘g‘ri boshqarish bilan bir qatorda tashqi kapitalni jalb qilish yo‘llari ham zarur. Tijorat banklari, mikromoliya tashkilotlari, lizing beruvchilar, investitsiya institutlari va davlat dasturlari hamkorlik qilsa, turli hajm va muddatdagi ehtiyojlar qoplanishi mumkin. Moliyalashtirish shartlari ochiq bayon etilishi tadbirkorlarga xarajatlar hamda risklarni qiyoslab, mos variantni tanlashga yordam beradi.

Davlatning kichik biznesga qaratilgan yordam mexanizmlari ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, eksport va innovatsion faoliyat kabi maqsadlarga muvofiq ishlab chiqilishi kerak. Har bir dastur uchun kimlar undan foydalanishi, mablag‘ni ishlatish shartlari, risklar va kutilayotgan natijalar oldindan belgilansa, davlat resurslarining yo‘nalishi aniq bo‘ladi. Bunday mezonlar keyinchalik ko‘makning natijadorligini baholash imkonini ham beradi.